Oʻzbekiston davlat drama teatrida Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan “Yillar armoni” spektakli namoyish etilmoqda. Asar dramaturg Uchqun Oʻsarov qalamiga mansub boʻlib, rejissyor Rasuljon Togʻayqulov sahnalashtirgan.
Sokin musiqa fonida sahnaga, shoirning qizi Shoira Oripova taʼkidlaganidek, yelka qisib turishi, boʻy-basti Abdulla Oripovga kelbat beradigan aktyor chiqib, oʻktam ovozda sheʼr oʻqiy boshladi. Avvaliga kutil(ma)gan, biroz gʻalati tuyulgan (chunki biror tadbirga kelib qolgandek taassurot uygʻonadi) bu uslub butun spektakl davomida saqlab turiladi. Yaʼni voqealar rivojlanar ekan, holatlar shoirning sheʼrlari bilan toʻldirib borildi.
Asar shoirning tugʻilishi, bolaligi, talabalik yillari, ilk sheʼriy toʻplami chiqishi va undan keyingi voqealarni qamrab olgan. Rejissyorning yutugʻi, butun xalq koʻz oldida katta shoir sifatida gavdalanadigan Abdulla Oripovni har gapini qofiya bilan aytuvchi, enasining erka bolasi – kichkina Abdulla sifatida koʻrsata olgan. Endigina ilk sheʼriy toʻplamini qoʻliga tutqazgan onasi vafot etganida Abdullaga qoʻshilib yigʻlatishga erishgan.
Asar shu yergacha Abdulla Oripovning ham hammamiz kabi oddiy inson boʻlgani haqidagi haqiqatni yodga soladi, uning quvonchiga, qaygʻusiga sherik qiladi. Taʼkidlanganidek, ssenarist bunda shoirning sheʼrlaridan mahorat bilan foydalangan. Bola Abdulla shoirning keyinroq yozgan “Mitti yulduz” sheʼrini samimiy oʻqisa, urushda eri vafot etgan kelin dardi “Ayol” sheʼri orqali ochib beriladi. Aktyorlar ham, rejissyor va ssenarist ham bu bilan imkon qadar oʻsha davr ruhini yetkazishga harakat qilgan.
Kamchiliklar ham yetarlicha. Spektaklda bayonchilik usulidan foydalanilgan boʻlib, boshidan oxirigacha shoir roviy rolida voqealarni gapirib, uqtirib turadi. Bu tarzdagi yondashuv voqealarni bir-biriga bogʻlab ketilishiga yoʻl qoʻymaydi. Tomoshabinni sahnadagi qahramon bilan birga yigʻlab turgan joyidan yana reallikka, zalga qaytishga majbur qiladi. Misol uchun, onasi vafotidan soʻng yigʻlab turgan shoir belbogʻini, toʻnini yechadi-yu, yana gapirib turib, ishga shoʻngʻib ketadi. Uni sahna ortiga kiritib yuborib, boshqa personajlar ishtirokida navbatdagi epizoddan foydalanish va soʻng shoirning onasiz kunlariga oʻtish tomoshabindagi hissiyotni oʻldirib qoʻymasdi, balki.
Spektaklda shoirning bolaligi, talabalik yillariga koʻp oʻrin berib yuborilgandek tuyuladi. Natijada sovet davridagi dolgʻali yillari, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, oʻzbek sheʼriyatida tutgan oʻrni haqida deyarli soʻz aytilmaydi. Voqealar bir tekis, hech qanday konfliktsiz, silliqqina kechadi. Faqat yakunga yaqin uning sheʼrlarini muharrirlar tushunmagani, ammo shoir oʻzgartirishdan voz kechgani uchun bir qancha vaqt eʼlon qilinmay yotgani koʻrsatiladi. Toʻgʻri, bu yerda drama muallifi muharrir orqali sovet hukumatining shoirga munosabatini koʻrsatmoqchi boʻlgandir, ammo bu ham yakunga yetmaydi. Muharrir “lop” etib paydo boʻladi va yana qumga singgan suvdek yoʻqolib qoladi.
Yakun ham juda tez, siz kutmagan tarzda tez yuz beradi. Shoir va rafiqasi oʻrtasida muharrirlar sheʼrlarini bosishni istamayotgani yoki oʻzgartirib bosayotgani haqida dialog boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng telefon orqali suhbatda qahramon soʻzida qatʼiy turib, sheʼrni oʻzgartirishlariga yoʻl qoʻymaydi. Biroz oʻtib esa, shoir-roviy tilidan yangragan mustaqillik sabab “Sheʼrlarim qoʻshiqqa aylana boshladi”, degan joʻngina maʼlumot bilan Abdulla Oripovning omon-omon kunlarga yetganini anglaysiz. Va spektakl nihoyasiga yetadi…
Ehtimol, muallif shoirning yoshlik yillari, oilasi bilan bogʻliq holatlarnigina ifodalashni istagandir. Sahnada oʻzbek sheʼriyatining yirik namoyandasi Abdulla Oripovni topa olmaymiz. Spektakl nomi “Yillar armoni” boʻlishiga qaramay, faqatgina onadan ayrilgan shoirning armonini koʻramiz.