Har yili sentabr oyining avvalida odat bo’lganidek bugun, 5-sentabrda yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari singari «TIQXMMI» MTU qoshidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabda ham «Bilimlar kuni» bayram tadbiri bo’lib o’tdi.
Dastlab butun yoz davomida miriqib dam olib, yangi bilimlarni o’zlashtirish uchun kuch-g’ayratga to’lib qaytgan maktab o’quvchilari ustozlarimiz tomonidan har galgidanda iliq kutib olindi. Ayniqsa, maktabga yangi qabul qilingan, qabul imtihonlarida eng kuchlilari sifatida qayd etilgan 7-sinf o’quvchilari uchun bu kun unutilmas bo’ldi.
Tadbir avvalida maktab direktori K.E. Kubyashev yangi o’quv yili bilan o’quvchilar, ota-onalar hamda ustozlarni qutlab tadbirni ochib berdi. Maktab direktori o’z nutqi davomida maktabning respublikamizda tutgan o’rni, o’tgan yilgi muvaffaqiyatli natijalari, xususan, 2021-2022- yilgi o’quv yilida fizika fan olimpiadasida respublika miqyosida erishilgan yutuqlari haqida so’z yuritdi. Shuningdek, maktabning bu yildagi maqsad va rejalari, o’quvchilar, ularning ota-onasi hamda ustozlarga qo’yiladigan talablar haqida ham fikr yuritildi.
Tadbirni ixtisoslashtirilgan maktab IFBDO’ G.Z. Igamberdiyeva bir nechta tilda, xususan, o’zbek, rus va fransuz tillarida olib bordi. Tadbir davomida 2021-2022- o’quv yilida o’zining ulkan salohiyati bilan namuna ko’rsatgan o’quvchilar tantanali ravishda faxriy yorliq bilan taqdirlandi, jumladan, o’tgan yilgi universitet stipendiantlari, namunali hamda maktab hayotida faol ishtirok etgan yigit-qizlar shular jumlasidandir.
Undan so’ng, 8-sinf o’quvchilari Nuriddinova Fotima va Zuhra ijrosidagi milliy raqs barcha yig’ilganlarga ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi. Tadbir davomida ustozlar hamda ota-onalar tomonidan bayram tabriklari bildirildi.
Tadbir so’nggida, «Birinchi qo’ng’iroq» yangradi hamda o’quvchilar «Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz» shiori ostidagi Mustaqillik darslariga kuzatildi.